O'zbekiston–Afg'oniston: Farmasevtika mahsulotlari savdosi 500 million dollarga etkaziladi



Farmasevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegasiya Kobul shahriga xizmat safari doirasida Afg'oniston Bosh vazirining ijtimoiy soha bo'yicha o'rinbosari Abdul Salom Hanafiy bilan uchrashuv o'tkazdi.Muloqotda qayd etilganidek, Afg'oniston farmasevtika bozori hajmi taxminan 1 mlrd. AQSh dollariga teng. Uni sifatli va arzon narxlardagi dori vositalari bilan ta'minlashda O'zbekiston ishlab chiqaruvchilarining imkoniyatlari katta.
Tomonlar mamlakatimizda tayyorlanayotgan dori vositalari sifatiga bo'lgan ishonch yuqori ekaniga to'xtalib, bu yo'nalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, afg'on korxonalari bilan kooperasiya aloqalarini yo'lga qo'yish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish hamda farmasevtika mahsulotlari importini tizimli ravishda yo'lga qo'yish istiqbollari ko'rib chiqildi.
Navbatdagi uchrashuv Afg'oniston sog'liqni saqlash vaziri Mavlavi nur Jalol hamda dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (AFDA) rahbariyati bilan o'tkazildi.
Unda Afg'oniston bozorida milliy mahsulotlar pozisiyasini mustahkamlash bo'yicha strategik takliflar ilgari surildi. Bu yo'nalishda ikki tomonlama texnik ishchi guruh tuzilishi belgilandi.
Delegasiyamizning Afg'oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashuvida ikki tomonlama farmasevtika muhsulotlari savdosini 500 mln. AQSh dollariga etkazishga kelishib olindi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
