Poytaxtimizda EMU University, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda O'zbekiston androloglar assosiasiyasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazilmoqda

Poytaxtimizda EMU University, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda O'zbekiston androloglar assosiasiyasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazilmoqda.
"Urologiya, andrologiya va reproduktologiyaning dolzarb masalalari" mavzusidagi ushbu tadbirda mamlakatimiz vakillaridan tashqari Germaniya, Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi qator davlatlardan etakchi olimlar, ekspertlar hamda Evropa androloglar assosiasiyasi a'zolari onlayn va oflayn formatda ishtirok etyapti.
Konferentsiyani Sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari Alisher Boboev kirish so'zi bilan ochdi. 
Qayd etilganidek, mazkur anjuman va uning doirasida o'tkaziladigan mahorat darslari hamda klinik sessiyalar ishtirokchilarni jahon andrologiyasi va reproduktologiyasi sohasidagi ilg'or yutuqlar bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi. 
Shuningdek, Toshkentda "Evropa yosh androloglar maktabi" tashkil etilishi bu yo'nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, o'zaro tajriba almashish imkonini beradi. 
Tadbirda jahon tibbiyotidagi eng so'nggi yutuq va tendentsiyalar, sohaga doir innovasion yondashuvlar, zamonaviy tashxislash hamda davolash usullari muhokama qilinmoqda. 
O'z navbatida, urologiya, andrologiya va reproduktologiya sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilmiy yutuqlar asosida erkaklar reproduktiv tizimi kasalliklarini davolashni takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilyapti. 
Konferentsiya ertaga ham o'z ishini davom ettiradi. 
Sog'liqni saqlash vazirligi 
Matbuot xizmati.
3-04-2026, 12:40
Ko'rishlar: 6
Sahifani chop etish